Qirg‘iy haqidagi afsona tirilgan
2006 yilda O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatidagi Qarshi shahri o‘zining 2700-yilligini nishonladi. Tarixiy manbalarda aytilishicha, Qarshi shahri Qashqadaryo vohasida Yerqo‘rg‘on hududida Nautaka nomi ostida eramizdan avvalgi V–VII asrlarda paydo bo‘lgan.
Eramizdan avvalgi 329 yilda, Iskandar Zulqarnayn O‘rta Osiyoni istilo qilganda, ma’lumki, uning maqsadi eng avvalo Samarqand va Marv kabi boy shaharlar bo‘lga. Uncha qiyinchiliksiz Buxoro shahrini ishg‘ol qilib, Iskandar Zulqarnayn ko‘plar uchun kutilmagan holda janubi-sharq tomonga burilib, Nautaka shahriga qarab ketdi.
Nima uchun Iskandar Zulqarnayn bu tomonga ketdi?
Iskandar Zulqarnaynning yaqinlari ichida Melkonon ismli ruhoniy bo‘lgan, u Iskandarga ajoyib sirni gapirib bergan. Yoshligida Melkononni ko‘chmanchilar asirga olib, Nautakaning hukmdori Sesimitrning uyiga qul qilib sotishgan. U shaharda o‘n yil yashagan. Tajribali shifokor bo‘lgan Melkonon hukmdorning oilasiga yaqin shaxs bo‘lgan edi, shuning uchun ham u Nautaka qal’asini, saroyning yashash tarzini, Qashqadaryo vohasi poytaxtining boyliklarini yaxshi bilar edi. Bu boyliklarning ichida, Melkononning so‘ziga qaraganda, hukmdor Sesimitrga tegishli bo‘lgan uchta ajoyibot bor. Birinchisi — ninalari feruzadan yasalgan muqaddas tilla tipratikan. Ikkinchisi — yirik agat toshidan mohirona o‘yib olingan yashil rangli baqa. Ularning saqlanishi uchun Nautakaning bosh ruhoniysi javobgar bo‘ladi. Tipratikan va baqa muqaddas bayramlar va tantanali marosimlar paytida ularga sajda qilish uchun ommaning oldiga olib chiqiladi.
Uchinchi ajoyibot esa — qizil agat toshi bo‘lgan uzuk bo‘lib, toshda gemma- intaliya o‘yib olingan: rasmda askar hassani ushlab turibdi, hassa ustida esa qirg‘iy o‘tiribdi. Bu uzuk Nautaka hukmdorining chap qo‘lini bezatadi. U o‘zining egasiga mardlik, donolik va jasorat baxsh etadi. Agat toshli uzuka egalik qilgan odam hech qachon mag‘lubiyatning achchig‘ini totmaydi, jangda o‘z dushmanidan ustun keladi. Mana shu hikoya, afsonalarga ishonadigan bo‘lsak, Iskandar Zulqarnaynni o‘z qo‘shinlarini ikki qismga bo‘lishga majbur qildi. Qo‘shinning asosiy qismini u So‘g‘diyonaning poytaxti Samarqand tomoniga yubordi. O‘zi esa qolgan navkarlari bilan birga Nautaka tomoniga yo‘naldi.
Iskandar Zulqarnaynning qo‘shinlari ikki hafta Nautakaning devorlari ostida jang qilgan, lekin shaharning darvozasi ochib berilmagan. Qo‘mondon o‘z qamalini ochib berishga majbur bo‘ldi (vaqtincha deb o‘ylasa ham) va qat’iy qarshilik ko‘rsatayotgan Samarqand tomoniga ketdi. O‘ta qattiq janglardan so‘ng u ushbu ajoyib shaharni bosib, ishg‘ol qildi. Iskandar Zulqarnayn Qashqadaryo vodiysiga boshqa qaytmadi va Nautaka shahrining uchta ajoyibotini hech qachon ko‘rmadi. Nautaka shahri yana ko‘p ming yillar davomida zabt etib bo‘lmaydigan qal’aligicha qolavergan. Lekin VI asrda arab bosqinchilari kelganda Nautaka yer bilan yakson qilindi. Ozgina tirik qolgan aholisi esa o‘z ajdodlari yashagan joydan qochib yashiringan.
Faqat arab istilosidan keyingina, Nautaka shahri joylashgan manzil yaqinida, Qashqadaryoning yaqinroq burilishida yana bir marta xuddi shunday mustahkam qal’a devorlariga ega bo‘lgan shahar qurila boshlandi. Bu Naxshab (Nasaf) shahri bo‘lgan edi. U ham ko‘p asrlar obod bo‘lgan shahar edi. Shaharda qizg‘in hayot jo‘shib turar, masjidlar, saroylar va boshqa monumental inshootlar qurilar edi. Rabadnng shimoliy qismida boy fuqarolar va zodagonlarning yashaydigan dahalari joylashgan. Shahristonning g‘arbiy tomonida hunarmandlarning dahalari bo‘lgan edi. Arab geograf olimlari shahardagi rabad devori ichida to‘rtta darvoza bo‘lganligini aytishgan. Sharqda va shimoli-sharqda Kesh va Samarqand shaharlariga olib boruvchi Kesh va Samarqand darvozalari bo‘lgan. Janub tomonga Gubdin darvozasi, g‘arb tomonga — Nedjariay darvozasi chiqib, ulardan ketgan yo‘l Buxoro shahriga olib borgan. Shuningdek, geograf olimlar Qashqadaryo to‘g‘ridan-to‘g‘ri rabad orqali o‘tganligini bildirishgan. Daryo ustidagi ko‘prikning yaqinida hukmdorning saroyi va zindon joylashgan. Eski va yangi masjidlar rabadning janubiy qismida bo‘lgan. Asosiy savdo bozorlari Gubdin darvozasining yo‘nalishida joylashgan. Vohaning janubi-g‘arbiy va shimoli-g‘arbiy tomonida karvon yo‘llari o‘tgan, bu esa hunarmandchilik va savdoning tez o‘sib rivojlanishiga olib keldi.
Lekin bu shahar ham nobud bo‘lldi. Shaharni Chingisxon qo‘shinlari ishg‘ol qildi— ularning istilosidan keyin shaharning o‘rnida faqat ulkan tepalik qoldi, uni hozir ham ko‘rish mumkin.
Yo‘q bo‘lib ketgan Nautaka va Nasaf shaharlari yonida Qarshi (turkcha — saroy, qal’a) nomi bilan qurilgan yangi, uchinchi shahar XIV asrning boshdan ma’lum bo‘lgan edi. Bu yerda Chingisxon avlodi bo‘lgan mo‘g‘ul xoni Kebekning qarorgohi bo‘lgan. 1364 yilda Amir Temur shaharni kengaytirib, zamonaviy shaharning janubiy qismida joylashgan mustahkam qal’ani qurdi, va shu paytdan boshlab shahar Qarshi degan nomga ega bo‘ldi. Shaarning gullab-yashnagan payti Shayboniyzodalar sulolasining hukmdorligi davriga to‘g‘ri kelgan. Shu davrda Qarshi shahrida hozirgi kungacha saqlanib qolgan ko‘p sonli me’morchilik obidalari barpo etilgan: mintaqada yagona ayolarning o‘quv muassasasi bo‘lgan Odina madrasasi (XVI asr), Ko‘k Gumbaz (XVI), Bekmir (XVI), Qilichboy, Xo‘ja qurbon, Magzon va Charmgar (XIX–XX asr) masjidlari, Qashqadaryo ustidan g‘ishtin ko‘prik (XVI), Sardoba (XVI).
Iskandar Zulqarnayn ularni egallash maqsadida o‘z yo‘lini o‘zgartirgan uchta ajoyibotlarning taqdiri qanday bo‘lgan? Ular haqiqatan mavjud bo‘lganmi, yoki bu faqat navbatdagi go‘zal afsona bo‘lganmi?
1973 yilda, Qarshi magistral kanalining trassasini barpo etish boshlanganda, yer qazish ishlari qadimiy Nautaka shahrining qoldiqlari ustidan o‘tishi ma’lum bo‘lgan. Quruvchilardan avvalroq bu yerga arxeolog olimlar keldi. Tepalikning ichidagilari iri-ketin qo‘ldan o‘tkazib puxta elab tekshirilgan. Nautaka shahrining ma’budalari turgan ehrom joylashgan qismi ochilganda, tuproqdagi siniqlar ichida aynan o‘sha feruza ninali tilla tipratikan topildi. Demak, afsonalarda haqiqat ham bor ekan-da? Demak, baqani ham izlash kerak bo‘ladi, chunki afsonalarga qaraganda ular ehromning ichida saqlangan edi... Lekin baqa bu ehromning ichida emas, boshqasida topildi. U haqiqatan yashil rangli agat toshidan yasalgan edi. Uzuk-chi? U ham mavjud bo‘lganmi? Afsonaga ko‘ra, Nautaka shahrining oxirgi shahzodasi jang paytida uning yordamida «osmonga chiqib ketgan». Yerqo‘rg‘onda ishlar boshlanishidan yetti yil o‘tganda, 1980 yilda unda agat toshi topilgan. Bu tosh oddiygina agat emas, haqiqiy agatdan yasalgan gemma-intaliya edi.
Tosh — olov rangli qondek, oq jilg‘a o‘tgan agat toshi. Uzunligi — 16 millimetr, eni — 6 millimetr, qalinligi — bir yarim-ikki millimetr. U qachonlardir uzukning ichiga qo‘yilgan edi. Qizil agat toshinin gyassi tekisligida askar va qirg‘iy o‘yib tasvirlangan. Askarning bo‘yi bir santimetrdan oshmaydi. Askarning qalin mushaklari batafsil tasvirlangan, u qo‘lida ushlab turgan hassaning ustida qirg‘iy o‘tiribdi. Bir santimetrlik joyda butun bir tarixiy davr tasviri bor. Bu gemmaning yoshi taxminan — ikki ming yildan ortiq. Savol tug‘iladi: shunday qadimgi davrlarda bu yerda, Qashqadaryo vodiysida, gliptika — qimmatbaho toshlarga o‘yib tasvirlash san’ati shunchalik kamolot darajasiga yetganmidi? Hozirgi paytda bu yerdagi ustalar bu san’atdan bahramand emas-ku. Bu san’at Yevropada, eramizning davrida yetuklikka erishgan…
Buni hech kim bilmaydi, kimdir bilishi ham mumkinmi? … Mana shunday tarzda, necha ming yillar aro, afsona o‘zi haqida eslatgan edi
Ye. Berezikov materiallari bo‘yicha