Lochinlar pitomnik
Noyob va yo‘qolib ketish arafasida turgan yirtqich qushlarni ko‘paytirish bo‘yicha Tugan Falconry Club pitomniki lochinlarni ko‘paytirish, ularning reabilitatsiyasi va yovvoyi tabiatga keyingi reintroduksiyasini o‘zining asosiy tamoyillaridan biri sifatida ilgari surdi.
Asosiy tushunchalar, tamoyillar va qonunchilik bazasi
Lochinlarni volerlarda ko‘paytirish – bu tabiiy populyatsiyalarni tiklash va to‘ldirishning kafolatli fondi hisoblanadi, ularning tabiatga reintroduksiyasi esa tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha faoliyatning yangi, progressiv va faol shakli sanaladi. Lochinlarni sun’iy yaratilgan sharoitlarda yetishtirish nafaqat genofondni asrashning ishonchli vositasi, balki ilmiy tadqiqotlar uchun, lochin ovida va tabiiy populyatsiyalarga zarar yetkazmagan holda boshqa amaliy maqsadlarda foydalanilishi mumkin bo‘lgan qushlar zaxirasini yaratish uchun baza bo‘lib ham xizmat qiladi.
Pitomnik faoliyati quyidgi tamoyillarga asoslanadi:
- lochinlarni boqish va ko‘paytirishning standart, hujjatlashtirilgan va tajribada sinab ko‘rilgan texnologiyasiga qat’iy amal qilish;
- barqaror ko‘payuvchi va genetik jihatdan to‘laqonli bo‘lgan guruhlarni yaratish;
- pitomnikdagi har bir qush haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan nasllar kitobini yuritish;
- zaiflashgan populyatsiyalarni kuchaytirish, deyarli yo‘qolgan populyatsiyalarni tiklash yoki yangi populyatsiyalarni yaratish maqsadida ularni tabiatga qaytarish uchun yetishtirilayotgan qushlarning zaxira sonini yaratish;
- ilmiy-tadqiqot ishlarini o‘tkazish;
- bioxilmaxillikni muhofaza qilish sohasida ekologik ma’rifat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.
Yirtqich qushlarni volerda yetishtirish bilan bog‘liq barcha masalalar mavjud qonunchilik bilan qat’iy tartibga solinadi. Bu boradagi muhim hujjatlarga quyidagilar kiradi: Yo‘qolish xavfi ostida qolgan yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo to‘g‘risidagi konvensiya (CITES), Biologik xilmaxillik to‘g‘risidagi konvensiya, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrda qabul qilingan 290-sonli Qarori, xususan unda shunday deyiladi:
- «98-band. Tutqunlikda yoki yarim tutqun sharoitda saqlanayotgan yoki saqlanishi ko‘zda tutilayotgan barcha yovvoyi hayvonlar qonunchilikka muvofiq ravishda sotib olingan bo‘lishi kerak.
- 100-band. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni hamda zaharli hayvonlarni tutqunlikda va yarim tutqunlikda saqlashga faqat O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan kelishilgan holda tashkil etiladigan maxsus pitomniklarda yo‘l qo‘yiladi.
- 103-band. Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining ruxsatnomasisiz tutqunlikda va pitomniklarda saqlanayotgan hayvonlarni o‘zboshimchalik bilan tabiatga chiqarib yuborish taqiqlanadi».
Ovchi qushlarni saqlash sharoitlari
So‘z qushlarni uzoq vaqt davomida tutqunlikda saqlash va ko‘paytirish haqida borarkan, qulay va sog‘lom hayot tarzini ushlab turish masalasi asosiy talabga aylanadi. Shu bois:
Q ush saqlanadigan joy muntazam ravishda toza havo kirib turadigan, yaxshi yoritilgan uchastkada bo‘lishi kerak. Qishda lochinning uyasini sovuq o‘tmaydigan qilish zarur, agar ushbu talabga amal qilinmasa bu qushning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qilishi va hatto uning nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin. Yirtqich qushlar uchun ayniqsa tunash joyidagi yelvizak ma’qul emas. Shu bois qushlarni saqlashda doimiy havo oqimlari yo‘liga to‘siq, yirtqichning boshi ustiga esa tom qo‘yiladi. Qushlar o‘tiradigan joyning barchasi qush panjalarining mexanik ezilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yumshoq material bilan qoplanadi.
T abiiy termoregulyatsiyani va ho‘l bo‘lishdan himoyani ta’minlovchi qushlarning patlarini sog‘lom saqlash uchun kerakli sharoitlarga amal qilish zarur, chunki ovchi qush uchun patlarning ideal holati va qanotlarning butunligi parvozning yaxshi maskirovkasi, dinamikasi va harakatchanligini ta’minlovchi ovning asosiy ishchi vositasi hisoblanadi. Shuning uchun qush volerda saqlanganida devorlar, pol, shift, shoxlarga qanot patlari va dum patlari bilan tegmasligi kerak. Bundan tashqari, patlarning yaxlitligini saqlash to‘g‘ri oziqlantirish bilan ham chambarchas bog‘liq.
T o‘g‘ri, muvozanatlashtirilgan ozuqaga alohida e’tibor qaratish lozim. Ozuqa tabiiy ratsionga iloji boricha ko‘proq mos kelishi zarur. Ovqatni yaxshi o‘zlashtirishi uchun lochinlarga dag‘al, ishlov berilmagan, mayda suyaklar, patlar va jun aralashgan ozuqa zarur. Aynan shuning uchun lochinlarga qushlar yoki kemiruvchilarning yaxlit go‘shtlari bilan boshqish kerak. Maxsus yetishtirilgan jo‘jalar, bedana, laboratoriya sichqonlari va kalamushlar bo‘lsa, undan ham yaxshi. Mayda kaptarlar, qarg‘alar, chumchuqlardan ham foydalansa bo‘ladi, ammo bu holda ularning holati qat’iy veterinariya nazorati ostida bo‘lishi kerak. Lochinga bir marta berishda u oxirigacha iste’mol qila oladigan miqdorda ozuqa beriladi. Haftada bir marta ular uchun to‘liq och qoldirish tashkil etiladi, yana bir kun esa ratsionning yarmi beriladi.
1. Flint V.E., Smirnova O.V., Zaugolnova L.B., Xanina L.G., Bobrovskiy M.V., Toropova N.A., Melexova O.P., Sorokin A.G. Bioxilmaxillikni saqlash va tiklash. Moskva: Ilmiy va o‘quv-uslubiy markaz nashriyoti. 2002.
2. “Hayvonot bog‘lari va pitomniklardagi yirtqich qushlar va boyqushlar” yillik to‘plami, №20. Moskva: Moskva hayvonot bog‘i. 2011.