Itolgi (Falco Cherrug)
Turkumi: | Lochinsimonlar |
Oilasi: | Lochinlar |
Kenja oilasi: | Lochinlar |
Urug‘i: | Itolgi |
СТАТУС:
DIQQAT! O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QIZIL KITOBIGA KIRITILGAN! 3(NT): Himoyasi zaifga yaqin bo‘lgan tur. XTMQI (EN) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan, CITES II ilovasiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasida Qizil kitobga kiritilgan yirtqich qushlar muhofazasiga alohida e’tibor qaratiladi. Itolgini noqonuniy ovlash, boqish, sotib olish, saqlash, tashish, yuborish va sotish, shuningdek Itolgi kontrabandasi uchun jinoiy javobgarlik tayinlangan.
Lochinlar oilasiga mansub yirtqich qush. Itolgi – ancha yirik lochin bo‘lib, shumkardan kichikroq, ammo sapsandan yirikroqdir. Boshqa ko‘plab yirtqich qushlardagi kabi Itolgining modasi nariga qaraganda taxminan uchdan bir qismga yirikroq, og‘irligi 1200 grammgacha bo‘lishi mumkin. Nar Itolgilarning maksimal og‘irligi 900 grammdan oshmaydi. Itolgi shumkardan nozikroq anatomik tuzilishi hamda kichikroq o‘lchamlari bilan farq qiladi.
O‘zbekistonda uchraydiganItolgi kamdan-kam uyalaydi, u asosan bir joyda yashaydi va past tog‘li landshaftlarni ma’qul ko‘radi. Qishda ularning soni shimoliy hududlardan uchib kelgan qushlar hisobidan biroz oshadi. Itolgilarning soni hamma joyda kam.
Itolgining ozuqasini asosan mayda sut emizuvchilar – qumsichqonlar, yumronqoziqlar, tipratikanlar, qo‘shoyoqlar tashkil etadi; kamdan-kam hollarda ko‘k kaptar, kaklik, kamenka, to‘rg‘ay kabi qushlar; agama, yumaloqbosh kabi reptiliyalar va hatto hashoratlar uchraydi. Turli-tuman usullarni va turning yuqori darajadagi plastikligini namoyon etgan holda yerda ham, havoda ham ov qiladi.
Ko‘p hollarda burgut, kurgannik va jo‘rchilarning eski uyalarini egallagan holda qoyalarning o‘yiq joylarida, tuproqli jarliklarning teshiklari va karnizlarida, cho‘l tepaliklarida, qarg‘aning bo‘sh yotgan uyalaridan foydalangan holda elektr uzatish liniyalarining ustunlarida uyalaydi. O‘z uyasini quruq shox-shabbalar va butalarning novdalari bilan ta’mirlaydi, uyaning o‘ziga hayvonlar junini, sug‘ur va yumronqoziqning quruq terisi parchalari bilan to‘shaydi. Moda Itolgi to‘q qo‘ng‘ir dog‘larga ega 3-5 ta qizil-qo‘ng‘ir tuxum qo‘yadi va ularni bir oy davomida bosib o‘tiradi. Nar Itolgi bu paytda modani boqadi. Jo‘jalarni mayda qushlar va kemiruvchilar bilan oziqlantirishadi. Jo‘jalar bir yarim oylik paytdan ucha boshlaydi.
Itolgi azaldan lochin ovi uchun eng yaxshi qushlardan biri sanaladi. Butun dunyo lochinbozlari uning ov qilish sifatlarini va odamga sadoqatini qadrlaydi. Itolgi juda chidamli qush bo‘lib, u bilan iqlim sharoitlari qattiq bo‘lgan cho‘llarda, ochiq dashtlarda hamda tekisliklar va adirlarda ov qilish mumkin.
1. O‘zbekiston Respublikasining Qizil Kitobi: II jild. Hayvonlar, Toshkent: Chinor ENK, 2009 y. 2. Meklenbursev R.N., Sagitov A.K., Kashkarov D.Yu., Mitropolskiy O.V., Fotteler E.R., Tretyakov G.P., Ostapenko M.M., Nazarov A.P. O‘zbekiston qushlari, 1 jild. Toshkent: «Fan» O‘zbekiston SSR. 1987.