Qarchig‘ay (Accipiter Gentilis)
Turkumi: | Qarchig'aysimonlar |
Oilasi: | Qirg‘iylar |
Kenja oilasi: | Qirg‘iylar |
Urug‘i: | Haqiqiy qarchiq'aylar simonlar |
MAQOMI:
CITES II ilovasiga kiritilgan. Qizil kitobga kiritilmagan tur, uni ushlash va saqlashga ruxsatnoma olish imkoniyati ehtimoli bor.
Qarchiq'aylar oilasiga mansub yirtqich qush. Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikada keng tarqalgan. Qarchig‘aylar qarchig'aysimonlar urug‘iga kiruvchi eng yirik tur hisoblanadi. Odatda nar qarchig‘ay 630-1100 g bo‘ladi, ularning uzunligi o‘rtacha 55 sm ni tashkil etadi, qanotlarining yoyilgan holatdagi uzunligi 98-104 sm atrofida bo‘ladi. Moda qushlar biroz yirikroq – 860-1600 g keladi, uzunligi 61 sm ga yaqin, qanotlarining yoyilgan holatdagi uzunligi – 105-115 sm. Barcha qirg‘iylar, shu jumladan qarchig‘ay ham, ko‘zlarining ustida o‘ziga xos oq patlarga ega bo‘lib, bu oq qoshlar taassurotini qoldiradi. Qarchig‘ayning “qoshlari” boshqa urug‘ vakillariga qaraganda kengroq va uzunroq bo‘lib, boshining orqa tomonida deyarli bir-biriga tegadi. Katta yoshli qushlar ko‘zining rangi qizil yoki qizil-jigarrang, yoshlariniki esa yorqin-sariq rangda bo‘ladi.
Daryo vodiylarida va tog‘larda qishlaydi. Kuzgi va bahorgi ko‘chishlar davrida O‘zbekiston tekisliklarining katta qismidan uchib o‘tadi. Populyatsiyaning katta qismi bir joyda yashaydi va odatda butun hayoti davomida bitta hududga bog‘lanadi. Shimoliy Amerikaning shimoli va shimoli-g‘arbida uyalaydigan populyatsiyasigina yagona ko‘chib yuradigan populyatsiya hisoblanadi – qishda ular janubga ko‘chadi.
Qarchig‘aylar o‘z hududiga qat’iy amal qiladi. Uyalayotgan juftlik uni qurish oldidan va qurish paytida havo “raqslari”ni namoyish etadi. Agar kimdir ularning hududiga da’vogarlik qilsa, juftlik uni jon-jahdi bilan himoya qiladi.
Bu yirtqichlar qushlarni, sut emizuvchilarni, umurtqasizlarni, o‘rtacha va yirik reptiliyalarni ovlaydi. O‘ljaning og‘irligi yirtqich vaznining yarmigacha bo‘lishi mumkin. Turli populyatsiyalarning ozuqasi bir-birinikidan farq qiladi va atrofdagi hududga bog‘liq bo‘ladi. Umumiy holatda esa ular quyonlar, olmaxonlarni ovlaydi.
Odatda moda qush har biriga 2-3 kunlik interval bilan 2-4 ta tuxum qo‘yadi. O‘lchami 59 x 45 mm bo‘lgan tuxumlar g‘adir-budir, ko‘kish-oq rangda bo‘ladi. Jo‘jalar tuxumni 28-38 kundan keyin yorib chiqadi. Asosan moda qush bosib o‘tiradi, biroq ov paytida uning o‘rnini nar qush bosishi mumkin. Jo‘jalar paydo bo‘lganidan keyin moda qush uyada yana 25 kun davomida qoladi. Bu paytda modasi va jo‘jalari uchun ozuqa topish vazifasi nar qushning zimmasiga tushadi. Tuxumdan chiqqan polaponlar 34-35 kun davomida uyada qoladi, keyin shu daraxtning qo‘shni shoxlariga o‘ta boshlaydi. Ular 35-46 kunlik paytida ucha boshlaydi, biroq shunga qaramasdan ularni 70 kunlik bo‘lgunicha ota-onasi boqadi. Ko‘p hollarda jo‘jalar to‘satdan to‘liq mustaqil qushga aylanadi. Barcha yosh qarchig‘aylarning 95% tug‘ilganidan keyin 95 kunlik paytidayoq mustaqil bo‘la boshlaydi. Yosh qarchg'ay jinsiy yetuklik davri bir yildan keyin boshlanadi.
Lochinlar bilan solishtirganda qarchig‘ayni ovga o‘rgatish oson. Uni qo‘lga o‘rgatish ishlari ovchi tomonidan qo‘lda tez-tez olib yurishdan boshlanadi. Ovchi vaqti-vaqti bilan uning boshini, ko‘kragini, yelkalarini silaydi, ammo uni lochinlardagi kabi tez-tez silash tavsiya etilmaydi. Qarchig‘ayning vazni normal holatdan biroz pastroq bo‘lganida tez o‘rganadi. Bunda qarchig'ay ozganida ularning ko‘krak mushaklari va oyoq mushaklari zaiflashishini inobatga olish zarur, shu bois ularni kuniga bir marta yog‘siz go‘sht bilan boqishadi. Qush uzil-kesil odamlarga o‘rganganidan keyin uni o‘rgatish ishlari boshlanadi. Oldiniga qarchig'ay go‘shtni yaqin masofadan, qo‘lni yerdan 1,5-2 metrga ko‘targan holda ko‘rsatishadi. Xo‘rakni ko‘rgan qarchig‘ay bir hamla bilan ko‘tariladi va o‘rgatuvchining qo‘liga o‘tiradi. Buning uchun unga go‘shtni cho‘qilash imkoni beriladi. Qirg‘iy va o‘rgatuvchi orasidagi masofa asta-sekin uzaytiriladi, biroq u 40-50 metrdan oshmaydi. Agar qush yaqin masofadan oziqlantirilsa, unda odam qo‘lida go‘sht ko‘rinishi bilan qarchig‘ay yerda o‘rgatuvchining ortidan yura boshlaydi. Bunday hollarda o‘rgatuvchi go‘shtni qushga turli usullar yordamida ko‘rsatadi: uni ikkala oyog‘i atrofida goh o‘ng tomondan, goh chap tomondan aylantiradi. Bu paytda qush go‘shtni olmoqchi bo‘lib uning atrofida aylanadi va oxir-oqibatda xo‘jayinining qo‘liga uchib o‘tiradi.
Qarchig‘ayni o‘rgatish jarayoni bir-bir yarim oy davom etadi. Barcha yirtqich qushlardagi kabi moda qarchig‘ay nar qarchig‘ayga qaraganda kuchliroq va yirikroq bo‘ladi, shu bois ovchilar moda qarchig‘ayni o‘rgatishni ma’qul ko‘radi. Bizning sharoitlarimizda qarchig‘ay bilan quyon, qirg‘ovul, kaklik, o‘rdaklar ovlanadi. Ov ertalabki va kechki paytlarda amalga oshiriladi. Issiq paytda qush o‘ljaga qo‘yib yuborilmaydi, chunki issiq paytda qush ko‘p hollarda yugurib chiqqan quyonga e’tibor qilmaydi, ba’zida esa chakalakzorga uchib ketishi ham mumkin. Qarchig‘ay bilan sentabrdan aprel oyigacha ov qilinadi. Bunda sovuq qish kunlarida ov vaqtinchalik to‘xtatiladi. Qush kuniga bir marta ovqatlantiriladi, bunda uning semirib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Ov tugashi bilan qarchig‘ay soya joyda bog‘lab qo‘yiladi va quyon, zahcha, qarg‘a bilan yangi paytda butunligicha tashlagan holda yaxshilab oziqlantiriladi. Bu paytda qarchig‘ay tullaydi. Tullash 4-4,5 oy davomida kechadi, oktabr oyiga kelib qush to‘liq yangi patga o‘raladi. Tullash yirik patlar (katta va rul patlari)ning boshqalariga almashishi bilan boshlanadi. Yoz bo‘yi qush semiradi, agar qarchig‘ay bu holda o‘ljaga qo‘yilsa, unda u o‘z o‘ljasini ushlamaydi. Shu bois har yili ov mavsumi boshlanishidan oldin ular kuniga bir marta ivitilgan go‘sht bilan, keyin yog‘siz go‘sht bilan boqiladi. Shu tariqa, asta-sekin qarchig‘ay normal semizlikdan biroz ozgan holatga keladi. Unga kun bo‘yi ov oldidan ivitilgan go‘sht beriladi. Mavsum boshida birinchi kuni bir marta va qisqa muddat ov qilinadi. Birinchi ovlangan o‘lja bilan qarchig‘ayni o‘sha joyning o‘zida ovqatlantirish kerak. Keyingi ov birinchisidan so‘ng bir-ikki kundan keyin amalga oshiriladi. Bu safar kuniga ikki marta ovga chiqish mumkin, ammo uzoq muddatga emas. Qush ovga ko‘nikmagunicha, uni oz-ozdan o‘ljaga qo‘yish kerak. Faqat shundagina qarchig‘ay hujumga ko‘nikadi va o‘ljani xatosiz ushlaydi. Endi har kuni, ammo kichik tanaffuslar bilan ov qilish mumkin.
Qarchig‘ay – keng tarqalgan va hamma uchun ochiq ovchi qush. O‘zbekistonda qishlayotgan paytda hamda kuzgi va bahorgi migratsiyalar davrida uchraydi. Qarchig‘ay bilan ovlanadigan turlar to‘plami juda keng. Qarchig‘ay juda tejamli, oddiy saqlanadi va oson o‘rgatiladi. Boshlang‘ich tezligi va betakror ushlash qobiliyati tufayli, qarchig‘ayni yaqin masofaga qo‘ygan holda, u bilan piyoda yurib ov qilish oson. Ovda qarchig‘ayni topish uchun ikkita qo'ngiroq yetarli, bu qimmatbaho telemetriyaga hojat qoldirmaydi.
1. Meklenbursev R.N., Sagitov A.K., Kashkarov D.Yu., Mitropolskiy O.V., Fotteler E.R., Tretyakov G.P., Ostapenko M.M., Nazarov A.P. O‘zbekiston qushlari, 1 jild. Toshkent: «Fan» O‘zbekiston SSR. 1987.