Qirg‘iy (Accipiter Nisus)
Turkumi: | Qarchig'ay simonlar |
Oilasi: | Qirg‘iylar |
Kenja oilasi: | Qirg‘iylar |
Urug‘i: | Haqiqiy qirg‘iylar |
MAQOMI:
CITES II ilovasiga kiritilgan. Qizil kitobga kiritilmagan tur, uni ushlash va saqlashga ruxsatnoma olish imkoniyati ehtimoli bor.
Qirg‘iy ― kalta va keng qanotlar hamda uzun dumga ega uncha katta bo‘lmagan yirtqich qush, bu unga daraxtlar orasida harakatlanishga yordam beradi. Moda qushlar nar qushlarga qaraganda 25 foizga uzunroq bo‘lishi mumkin. Faol parvoz qiladi, qanotlarning tez-tez qoqishi sirg‘anib uchish bilan ketma-ket keladi. Mayda lochinlardan farqli o‘laroq hech qachon havoda muallaq turmaydi.
O‘zbekistonda uchraydigan qirg‘iy bir joyda yashaydi, shuningdek bahorgi va kuzgi ko‘chishlari odatiy hisoblanadi. Yevropaning mo‘‘tadil va subtropik zonalarida keng tarqalgan. Yevropaning sovuq hududlaridan qishlash uchun Osiyo janubiga yoki janubi-sharqiga ko‘chadi, faqat ayrimlarigina Afrika shimoliga qarab uchadi.
Qirg‘iy o‘rmon joylarda yashaydi, ammo odatda o‘rmon, ochiq joylarda uchadi. Qirg‘iy faqat qushlar bilan oziqlanadi, biroq juda kamdan-kam hollarda mayda kemiruvchilar (sichqonlar, dala sichqonlari) bilan oziqlanishi mumkin. Nar qirg‘iy mayda qushlarni ushlaydi, moda qirg‘iy esa ko‘proq yirik o‘ljani ko‘zlaydi. Sassiqpopishak, kaptar va kakliklarni ovlash holatlari qayd etilgan.
O‘zbekistonda uchraydigan qirg‘iy tog‘-o‘rmon zonasida uyalaydi. Qirg‘iy bir joyda yashaydigan qush bo‘lib, uyalashni ancha kech, may oyida boshlaydi. Uyasi yumshoq, ancha chuqur bo‘ladi. Tartibsiz tashlangan ignabargli daraxtlar shoxchalaridan, ba’zida esa quruq o‘tlardan tashkil topadi. Uyasining diametri 380-400 mm, balandligi ham taxminan shuncha. Kichkina qirg‘iyning uyasini ozuqa qoldiqlaridan topish mumkin. Moda qush oxrasimon yoki turli kattalikdagi to‘q-qo‘ng‘ir dog‘larga ega 4-6 ta xira oq rangli tuxum qo‘yadi. Tuxumlarining o‘lchami 37-43 x 30-33 mm. Tuxumlar inkubatsiyasi 32 sutkaga yaqin davom etadi. Jo‘jalar iyun oyining oxiri – iyul oyining boshida paydo bo‘ladi. Avgustning birinchi yarmida jo‘jalar ucha boshlaydi.
Qirg‘iy – juda epchil va tezkor yirtqich. O‘zining asosiy o‘ljasi bo‘lgan mayda qushlarni asosan uchayotgan paytda ushlaydi, u buning uchun juda yaxshi moslashgan.
Aytish joizki, O‘zbekistonda qirg‘iy bilan bedana ovlash an’ana hisoblanadi. Qirg‘iy – eng keng tarqalgan va hamma uchun ochiq ovchi qush. Qirg‘iy bilan ovlanishi mumkin bo‘lgan turlar to‘plami boshqa istalgan ovchi qushnikiga qaraganda katta. Qirg‘iyni saqlash oson, u yengil o‘rganadi va ozuqasiga ham uncha ko‘p xarajatni talab etmaydi. Boshlang‘ich tezligi va betakror ushlash qobiliyati tufayli, qirg‘iyni yaqin masofaga qo‘ygan holda, u bilan piyoda yurib ov qilish oson. Ovda qirg‘iyni topish uchun bitta yetarli, bu qimmatbaho telemetriyaga hojat qoldirmaydi.
1. Meklenbursev R.N., Sagitov A.K., Kashkarov D.Yu., Mitropolskiy O.V., Fotteler E.R., Tretyakov G.P., Ostapenko M.M., Nazarov A.P. O‘zbekiston qushlari, 1 jild. Toshkent: «Fan» O‘zbekiston SSR. 1987.