Lochin (Falco Peregrinus)
Turkumi: | Lochinsimonlar |
Oilasi: | Lochinlar |
Kenja oilasi: | Lochinlar |
Urug‘i: | Sapsan |
MAQOMI:
DIQQAT! O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QIZIL KITOBIGA KIRITILGAN! 2(VU:R): Himoyasi zaif, tabiiy noyob tur. XTMQI (VU) Qizil ro‘yxatiga kiritilgan, CITES II ilovasiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasida Qizil kitobga kiritilgan yirtqich qushlar muhofazasiga alohida e’tibor qaratiladi. Sapsanni noqonuniy ovlash, boqish, sotib olish, saqlash, tashish, yuborish va sotish, shuningdek sapsan kontrabandasi uchun jinoiy javobgarlik mavjud.
Lochinlar oilasiga kiruvchi yirtqich qush, kattaligi kulrang qarg‘aday keladi, kuykadan ancha yirikroq, itolgidan esa biroz kichik va nozikroq. Orqa tomoni to‘q, aspid-kulrang patlari, olachipor och rangli qorni va qora rangli boshining ustki qismi hamda qora “mo‘ylovi” bilan ajralib turadi. O‘lchami va rangining o‘ziga xosliklariga qarab sapsanning 23 ga yaqin kenja turi farqlanadi. Sapsan – dunyodagi eng tez qush. U shiddatli sho‘ng‘uvchi parvozda soatiga 322 km yoki soniyasiga 90 m dan yuqori tezlikni rivojlantirishi mumkin. Gorizontal parvozda tezligi bo‘yicha faqat jarqaldirg‘ochga yon beradi.
O‘zbekistonda uchraydigan sapsan juda kam sonli qishlovchi qushlar sirasiga kiradi, u asosan tekisliklarda yashaydi. Ilk kuzgi qushlar O‘zbekistonda oktyabr oyining oxirida paydo bo‘ladi. Umumiy soni kamayishi munosabati bilan o‘tgan asrga qaraganda so‘nggi o‘n yillar ichida O‘zbekiston hududida sezilarli darajada kam uchramoqda.
Sapsan ― kosmopolit, u Antarktidadan tashqari barcha qit’alarda tarqalgan. Yashash uchun joy tanlamasligi tufayli u arktik tundra iqlimida (Grenlandiyada 70° sh.k. va Yangi yerda 78° sh.k.gacha yetgan holda) ham, Afrika va Janubi-Sharqiy Osiyoning jazirama tropiklarida ham osongina jon saqlay oladi. Umuman olganda esa uni yilning turli fasllarida deyarli hamma joyda ko‘rish mumkin. qutb va baland tog‘li zonalar, sahrolar va nam tropik o‘rmonlarning katta qismi bundan mustasno.
Ko‘k kaptar, chug‘urchuq, o‘rdak va boshqa suv va suv atrofida yashovchi turlar sapsanning asosiy o‘ljasini tashkil etadi. U katta tezlikda uchishidan foydalangan holda o‘z o‘ljasini deyarli faqat havoda uradi. Ov chog‘ida sapsan maxsus moslamada o‘tiradi yoki osmonda pastlab uchib yuradi; o‘ljasini ko‘rishi bilanoq balandga ko‘tariladi va deyarli to‘g‘ri burchak ostida pastga qarab sho‘ng‘iydi, bunda u yig‘ishtirilgan va tanasiga yopishib turgan panjalari bilan urinmasiga zarba beradi. Orqa barmoqlar bilan berilgan zarba shu darajada kuchli bo‘ladiki, hatto yirikroq qushning ham kallasi uzilib ketishi mumkin. Mayda sut emizuvchilar kamdan-kam hollarda uning o‘ljasiga aylanadi.
Sapsan qoyali jarlarda, tuproqli uyumlarning tepalarida, ba’zida moxli botqoqlarning do‘ngliklarida yoki tosh qurilmalar – tomlar va baland binolarning tirqishlarida uya quradi. Sapsanlar ikki yoshga kirgandan keyin jinsiy yetuklikka erishadi, jufti bilan butun umri davomida yashaydi. Yilda bir marta – aprel oyining ikkinchi yarmi va may oyining boshida tuxum qo‘yadi. Agar birinchi qo‘yilgan tuxumlar nobbud bo‘lsa, moda qush takror tuxum qo‘yishga qodir. Odatda u uchta (kamdan-kam hollarda ikkitadan-beshtagacha), har 48 soatda bittadan tuxum qo‘yadi. Tuxumlari yorqin ranglarda bo‘ladi – qo‘ng‘ir yoki to‘q-qizil qo‘ng‘ir dog‘lar va mayda xolli qizg‘ish rang. Tuxumlarining zlchami 51-52 x 41-42 mm. Inkubatsiya davri 33-35 kunni tashkil etadi; tuxumni ham moda, ham nar qush bosib o‘tirishi mumkin, biroq moda qush vaqtini uyada ko‘proq o‘tkazadi. Tuxumdan chiqqan jo‘jalar xira-oq rangli par bilan qoplangan bo‘lib, proportsional bo‘lmagan katta panjalarga ega bo‘ladi. Ular hayotining dastlabki kunlarida mutlaqo ojiz hisoblanadi. Moda qush jo‘jalarni isitadi va ularga ozuqa beradi, nar qush esa ozuqa topib keladi. Ko‘payish davrida yemish izlaydigan hududi odatda uyadan 19-24 km radiusgacha yetadi. Jo‘jalar o‘zining ilk parvozini 35-45 kunlik paytida amalga oshiradi, biroq yana bir necha hafta davomida, ya’ni o‘ziga mustaqil ravishda yemish topishga o‘rganmagunicha, ota-onasining ixtiyorida qoladi.
Qadimdan sapsandan lochin ovida foydalanishgan. O‘rta asrlarda lochin ovi Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida juda ommabop bo‘lgan, biroq har doim bunday ov bilan faqat oliy tabaqa vakillari shug‘ullangan. Masalan, «The book of Saint Albans» (1486) deb nomlanuvchi ingliz risolasida sapsanni faqat shahzoda yoki gertsog saqlashi mumkinligi ta’kidlanadi.
1. O‘zbekiston Respublikasining Qizil Kitobi: II jild. Hayvonlar, Toshkent: Chinor ENK, 2009 y. 2. Meklenbursev R.N., Sagitov A.K., Kashkarov D.Yu., Mitropolskiy O.V., Fotteler E.R., Tretyakov G.P., Ostapenko M.M., Nazarov A.P. O‘zbekiston qushlari, 1 jild. Toshkent: «Fan» O‘zbekiston SSR. 1987.