Mallabosh lochin (Falco Pelegrinoides)
Turkumi: | Lochinsimonlar |
Oilasi: | Lochinlar |
Kenja oilasi: | Lochinlar |
Urug‘i: | Mallabosh lochin |
MAQOMI:
DIQQAT! O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QIZIL KITOBIGA KIRITILGAN! 2(VU:R): Himoyasi zaif, tabiiy noyob tur. CITES I ilovasiga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasida Qizil kitobga kiritilgan yirtqich qushlar muhofazasiga alohida e’tibor qaratiladi. Mallabosh lochinni noqonuniy ovlash, boqish, sotib olish, saqlash, tashish, yuborish va sotish, shuningdek mallabosh lochin kontrabandasi uchun jinoiy javobgarlik mavjud.
Tashqi ko‘rinishi va xatti-harakatlari bilan sapsanga o‘xshaydi, ammo biroz kichikroq, tanasi ustining och rangi, patlaridagi qizg‘ish hoshiyalar, ingichka, chetlari qizg‘ish qo‘ng‘ir mo‘ylov, bo‘ynining yon tomonlarida qizg‘ish dog‘lar va boshidagi sezilarli qizg‘ish rang bilan farq qiladi. Shu sababli uning ikkinchi nomi qizg‘ish boshli lochin. Yoshi katta mallabosh lochinlarning orqa yelkasi patlaridagi sezilarli qizg‘ish hoshiyalar bilan och ko‘kish-kulrang, pasti esa qizg‘ish bo‘lib, biroz olachipor. Yosh mallabosh lochinlar boshining tepa qismi u yoki bu darajada qizg‘ish rangda, patlarining uchida keng qizg‘ish hoshiyalari bor, pastki qismi keng qo‘ng‘ir chiziqlarga ega oxra-qizg‘ish rangda, yon tomonlarida noto‘g‘ri ko‘ndalang qo‘ng‘ir naqshalri bor. Tanasining uzunligi 33-39 sm. Moda qushlar nar qushlarga qaraganda yirikroq. Nar qushlar qanotlarining uzunligi 274-302 mm ni, moda qushlarniki esa – 315-332 mm ni tashkil etadi. Nar qushning vazni 330 grammdan boshlanadi, moda qushniki 500 gramm atrofida bo‘ladi (qayd etilgan eng katta og‘irlik 750 gramm). Qanotlarining yoyilgan paytdagi uzunligi 76-98 sm ni tashkil etadi.
O‘zbekistonda mallabosh lochin juda kam uchraydi, soni ko‘p emas, onda-sonda tarqalgan uyalovchi qush, cho‘lli past tog‘larni va tog‘oldi zonalarni ma’qul ko‘radi.
Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq, Arabiston yarim oroli, Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston (Kashmir), O‘rta Osiyo mamlakatlaridagi cho‘llarda va quruq tog‘oldi hududlarida (1500 m gacha), Talas Olatovidan tortib, Tarabag‘atay yoki hatto Janubiy Oltoygacha bo‘lgan Qozog‘iston janubi va janubi-sharqidagi tog‘larda va tog‘oldi zonalarida tarqalgan.
Mallabosh lochin boshqa lochinlar kabi uyasini o‘zi qurmaydi, boshqa yirtqich qushlarning uyalarini egallaydi yoki qulay tabiiy teshiklardan foydalanadi. Uya qurish uchun har doim qoyalar va jarliklarning hech kim yetib borolmaydigan uchastkalarini tanlaydi.
Ozuqasi asosan qushlardan iborat, bular: to‘rg‘ay, kamenka, bulduruq, cho‘l kakligi va boshqalar. O‘zbekistonda kuz-qish davrida o‘rdaklar va kaptarlarga hujum qiladi, uyalash davrida pushtirang chug‘urchuqlarga ov qiladi. Ekologiyasi, uya biologiyasi, o‘ziga xos xatti-harakatlari sapsanniki kabi.
Ushbu bejirim lochinning nomi ham bundan dalolat beradi. U bizga Eron va Hindiston lochinbozlaridan kelgan bo‘lib, “shohga tegishli lochin” ma’nosini anglatadi. Ushbu lochin shohona nomi bilan birga tengsiz ovchi shuhratini ham qozongan. Mallabosh lochinning o‘ziga xos ov usuli (“stavka” deb ataladi) katta balandlikdan turib o‘lja tomonga sho‘ng‘ishdan iborat. Biroq u o‘z o‘ljasiga deyarli vertikal bosib kelar ekan, mallabosh lochin uni faqat orqa barmoqlarining tirnoqlari bilan yonlamasiga uradi. Soniyasiga 90 m gacha bo‘lgan tezlikda o‘lja jiddiy jarohat olishi va tepadan qulab tushishi uchun shuning o‘zi yetarli. Hujumdan keyin lochin biroz sekinlashadi, buriladi va pastga qulayotgan o‘ljasini havoda ushlab oladi. O‘ljani xilvat joyga olib borib, xotirjam ovqatlanadi. Mallabosh lochin ko‘p hollarda mayda qushlarni uchayotgan paytida tanovul qiladi.
1. O‘zbekiston Respublikasining Qizil Kitobi: II jild. Hayvonlar, Toshkent: Chinor ENK, 2009 y. 2. Meklenbursev R.N., Sagitov A.K., Kashkarov D.Yu., Mitropolskiy O.V., Fotteler E.R., Tretyakov G.P., Ostapenko M.M., Nazarov A.P. O‘zbekiston qushlari, 1 jild. Toshkent: «Fan» O‘zbekiston SSR. 1987.