Shumqor (Falco Rusticolus)
Turkumi: | Lochinsimonlar |
Oilasi: | Lochinlar |
Kenja oilasi: | Lochinlar |
Urug‘i: | Shumqor |
MAQOMI:
XTMQI Qizil ro‘yxatiga kiritilgan, CITES I ilovasiga kiritilgan.
Lochinlarning eng yirigi. Nari qushning og‘irligi 1 kg dan biroz oshadi, modasining og‘irligi esa 2 kg gacha yetadi. Tanasining tuzilishi katta, naychasimon suyagi 2/3 uzunlikda patlar bilan qoplangan, qanotlari uzun va uchli, dumi nisbatan uzun. Sibir shumqorining rangi och, ammo u o‘zgarib turadi: tepa qismi qo‘ng‘ir-kulrangdan deyarli oq ranggacha bo‘ladi, qorin qismi oqish, to‘q dog‘lari bor.
Tumshuq teshigi yonidagi to‘q chiziq – “mo‘ylov” – deyarli sezilmaydi. Barcha lochinlardagi kabi tumshug‘ining ustida o‘ziga xos tishcha mavjud. Panjalari sariq. Parvoz paytidagi tezligi yuqori, qanotlarini bir necha marta qoqqanidan keyin qush shiddat bilan oldinga uchadi, qanotlarini kerib uchmaydi. O‘tirgan shumqor tanasini to‘g‘ri tutadi. Shumqor sapsanga o‘xshaydi, biroq undan yirikroq bo‘lib, dumi ham uzunroq. Oltoy shumqori - tog‘da yashovchi janubiy kenja tur. Mutaxassislarning ko‘pchiligi uni balobanning kenja turi yoki morfasi deb hisoblaydi, to‘q tusli bir xil rangi bilan farq qiladi.
O‘zbekiston hududida shumqor aniq topilmagan. Ayrim qishlarda kamdan-kam hollarda Qozog‘iston va Qirg‘iziston hududida uchraydi, ular bizga yaqin bo‘lgan Chuy va Talas vodiylarida topilgan. Ayni paytda yirtqich qushlarning ko‘plab yirik turlari sonining umumiy pasayishi fonida shumqorning O‘zbekistonda paydo bo‘lish ehtimoli kam.
Arktika hamda Yevropa, Osiyo va Shimoliy Amerikaning subarktika zonasida yashaydi; Oltoy, Sayan, markaziy Tyan-Shanda alohida ajralib chiqqan kenja turi uchraydi. Yashaydigan eng shimoliy nuqtasi Grenlandiyada, eng janubiy nuqtasi esa o‘rta Skandinaviya, Komandor orollari va Bering oroli (tog‘li-osiyo kenja turi bundan mustasno). Yilning sovuq faslida Shimoliy Amerika, Osiyo, Yevropada 60o shimoliy kenglikkacha ko‘chib uchadi, ba’zi qushlarni esa undan ham janubroqda uchratish mumkin.
Shumqorning ozuqa obyektlari ― o‘rtacha kattalikdagi qushlar, ba’zida sut emizuvchilar. Shumqorning kundalik ozuqaga bo‘lgan ehtiyoji qariyb 200 grammni tashkil etadi. Shumqor muayyan joyda, ya’ni uyasining yonida yoki qishlash joyida o‘z o‘ljasini yulib yeydi. Bu joyda ozuqa qoldiqlarini hamda suyaklar, patlar va jundan iborat uyumni ko‘rish mumkin. Shumqor o‘z o‘ljasiga lochin kabi hujum qiladi: u o‘ljasiga tepadan yaqinlashib, qanotlarini yiqqan holda panjasi bilan ushlab oladi. Asosan uchayotgan qushlarni ovlaydi. Ushlangan o‘ljaning bo‘ynini tumshug‘i yordamida sindirgan yoki uning ensasini tishlab olgan holda uni o‘ldiradi.
Odatda shumqorlar uya qurmaydi, ko‘p hollarda ular qarg‘alar yoki sorlarning uyalaridan foydalanadi. Shumqorlar ko‘p yillar davomida va hatto o‘nlab yillar davomida bitta uyada yashaydi. Odatda ular 3-4 ta tuxum qo‘yadi. Jo‘jalar kichkina paytida ularga ozuqani ota qush ushlab olib keladi, ona qush esa o‘ljani tozalaydi, uning boshi, qanotlari va panjalarini yulib tashlaydi. U bu ishni uyadan tashqarida qiladi, shu bois shumqorning uyasida patlar bo‘lmaydi. O‘rta asrlarda shumqorlar lochin ovi uchun ovchi qushlar sifatida juda qadrlangan. Ular “oqlar”ga – eng yaxshi va eng qimmat; Islandiya, Norvegiya shumqorlari yoki oddiy “kulrang” shumqorlarga; hamda hozir Sharqda juda qadrlanadigan “qizil” shumqorlarga bo‘linadi. Ular balandda parvoz qiluvchi ovchi qushlar sirasiga kiradi. Shumqorlar o‘zini o‘ljasi tomon balanddan otgan holda ov qiladi, ba’zida uni changallari bilan ushlaydi va o‘zi bilan olib ketadi yoki zarba kuchi bilan o‘ldiradi.
1. Meklenbursev R.N., Sagitov A.K., Kashkarov D.Yu., Mitropolskiy O.V., Fotteler E.R., Tretyakov G.P., Ostapenko M.M., Nazarov A.P. O‘zbekiston qushlari, 1 jild. Toshkent: «Fan» O‘zbekiston SSR. 1987.